Akademik litsey tarixi
Akademik litsey tarixi
Jamiyatimizda yuksak ma’naviy fazilatlarni kamol toptirish, milliy mafkurani shakllantirish, boy madaniy merosimiz, tarixiy an’analarimizga, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning hal qiluvchi omilidir.
Yoshlarga qaratilgan e’tibor zamirida ularga mustaqillikning mohiyatini tobora teran tushuntirish, ongi va dunyoqarashida, odob-axloqi, iymon-e’tiqodi, bilim saviyasi va ruhiyatida, madaniyati va ma’naviyatida, ta’lim tarbiyasida ham tub o‘zgarishlarga erishish lozim. 1997 yilning 29 avgustida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da kasb-hunar kollejlarini, akademik litseylarni tashkil etish, ularda o‘quvchilarning o‘zi tanlagan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbga yo‘naltirish, iqtidorli yoshlarni fundamental bilim olishlari va muayyan oliy o‘quv yurtlariga kirib o‘qishlari uchun shart-sharoitlar ta’minlanishi aks etgan.
Respublikamiz Prezidenti va hukumatining barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishga qaratilgan siyosatidan ruhlanib, fidokorona mehnat qilayotgan Qarshi MII qoshidagi “Nuriston” akademik litseyi respublikamizdagi eng nufuzli o‘rinlarni egallagan bilim maskanlaridan biridir. “Nuriston” akademik litseyi 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi Markazining 2000yil 17 iyuldagi 139-sonli buyrug‘i asosida Qarshi MII qoshida tashkil etilgan. Uning qurilishi “O‘zqurilishloyiha” loyihalashtirish institutining maqsadli loyihasi asosida 1999-yilning aprel oyida boshlangan. Loyiha bo‘yicha akademik litseyga 41000 (qirq bir ming) kv.m hudud ajratilgan bo‘lib, ushbu hudud quyidagicha taqsimlangan va qurilish-montaj ishlari olib borlgan:
Umumiy maydon 41000 kv m 100%.
Shundan:
- Qurilish uchun ajratilgan maydon – 6071kv.m 14.8%
- Yo‘lak va yo‘llar – 5250 kv.m 12.8%
- Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maydoni – 29679 kv.m 72.4%
Umumiy qurilish – montaj va obodonlashtirish maydonlaridan:
O‘quv binosi maydoni – 4500,0 kv.m
O‘quvchilar turar joyi maydoni – 1400,0 kv.m
Sport maydonchasi va o‘yingox maydoni – 5790,0 kv.m
Tennis korti maydoni – 800,0 kv.m
Qozonxona maydoni – 135,0 kv.m
Hudud aylana panjarasi – 850,0 kv.m
Transformatorlar maydonchasi – 36,0 kv.m
Akademik litseyda qurilish-montaj ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim Markazi buyurtmasi asosida viloyat tanlovi (tender)da g‘olib va bosh pudratchilik huquqiga ega bo‘lgan Qarshi Uy – joy qurilish kombinati OHJ olib borgan. Bosh buyurtmachi sifatida Qashqadaryo viloyati akademik litseylar qurish direksiyasi faoliyat ko‘rsatgan.
Bosh pudratchi tashkilot rahbari, OHJ raisi – Mustafaqulov Qurbon (marhum).
Bosh buyurtmachi tashkilot rahbari, Direksiya direktori – Xoliqov Menglimamat.
Subpudrat qurilish-pardozlash ishlari tashkilotlari: – Qashqadaryo dehqon-qurilish OHJ, rahbari – Shodmonov Ozod, “O‘zmaxsussantexmontaj” OHJ, rahbari – Meyliqulov Raxmatulla, “Agrosantexgaz” montaj MCHJ, rahbari – Xidirov Umar, “O‘zelektromontaj” MCHJ, rahbari – Kats Vladimir, “O‘zpromventilyatsiya” MCHJ, rahbari – Orolov Ismoil(marhum), Qashqadaryo Viloyat badiiy ishlab chiqarish ustaxonasi vakili – Normatov Nuriddin va boshqalar qurilish montaj, pardozlash ishlarida mehnat qilishgan.
Shuningdek akademik litseyni bunyod etishda qashqadaryolik ustalar bilan bir qatorda respublikamizning barcha viloyatlaridan bunyodkorlar o‘z hissalarini qo‘shganlar. Xususan, Toshkent shahridan, Andijon, Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Jizzax, Navoiy va Surxondaryo viloyatlaridan g‘isht teruvchilar, suvoqchilar, pardozchilar, duradgorlar, marmar teruvchilar va zamonaviy amaliy jihozlar ustalari munosib mehnat qilganlar va akademik litsey inshootlarining zamonaviy ko‘rinish kashf etishida jonbozlik namunalarini namoyon yetganlar.
Akademik litsey o‘quvchilar turar joyi 300 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, qurilish – montaj ishlari 2000 yil iyun oyida boshlangan. Qurilishni “Qashqadaryodehqonqurilish” OHJning maxsus qurilish-pardozlash bo‘linmasi (rahbari Shodmonov Ozod) olib borgan. Qurilish-montaj ishlari 2002 yil dekabr oyida nihoyasiga yetkazilgan. Shuningdek ushbu inshoot qurilishida “Xushruy” xususiy korxonasi ishchilari munosib hissa qo‘shganlar.
O‘quv binosi, talabalar turar joyi va boshqa boshqa barcha inshoot hamda qurilmalar O‘MKHT Markazi tomonidan markazlashgan holda inventarlar, jihozlar, asbob-uskunalar bilan Janubiy Koreya Respublikasi krediti hamda “El-Xolding” kompaniyasi tomonidan ta’minlangan.
Akademik litsey hududini asfalt qoplamalari va sug‘orish inshootlari tizimi “Qarshiqurilish” OHJ ning 130-maxsus ko‘chma jamlanmasi(rahbari Elboyev Bo‘riniyoz) tomonidan amalga oshirilgan.
Akademik litseyga “Nuriston” nomini berilishiga viloyat O‘MKHT hududiy boshqarmasi bosh mutaxasisi Nurmat Xusanovning (marhum) zukkoligi sabab bo‘lgan. Chunki nom ham kelajak faoliyat uchun muhim ahamiyat kasb etishini bilgan N.Xusanov, akademik litsey joylashgan hudud Qashqadaryo elektr ta’minoti korxonasi qaror topgan mahalla “Nuriston” bo‘lganligi sabab akademik litseyni ushbu mahalla nomidan kelib chiqib atashni mohirona uddalagan.
Akademik litseyda o‘quv-tarbiyaviy, moliya – xo‘jalik faoliyat 2000 yil avgust oyidan boshlab O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi Markazi tomonidan moliyalashtirilgan.
Akademik litseyni faoliyat ko‘rsatishini tashkil etishida viloyat o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmasining sobiq boshlig‘i Ro‘yiddin Qambarovich Raximov shijoat va tashabbus ko‘rsatganligini alohida ta’kidlash joizdir. 2000 yil iyul oyida Respublika O‘MKHT Markazi tanlovi natijalari asosida Qarshi DU tarix fakulteti dekani, tarix fanlari nomzodi Uzoqov Bahrom Negmatovich akademik litsey direktorligiga tavsiya etilgan.

Uzoqov Baxrom Negmatovich- akademik litseyning birinchi direktori

Sodiqova Ra’no Tursunovna- oliy toifali matematika fani o’qituvchisi

Egamova Benera Murtazayevna- oliy toifali ona tili va adabiyoti fani o’qituvchisi

To’xtamisheva Zulayxo Qurbonnazarovna -oliy toifali ona tili va adabiyoti fani o’qituvchisi
2000-2001 o‘quv yilida o‘quvchilar qabul qilish rejasi 75 nafar etib belgilanib, aniq fanlar, ijtimoiy-gumanitar fanlar va xorijiy tillar yo‘nalishiga har biriga 25 nafardan o‘quvchi qabul qilish rejalashtirilgan. Qabul yakunida ilk o‘quv yili uchun 52 nafar o‘quvchi qabul qilingan. Akademik litseyda mehnat qilish istagini bildirib, dastlab viloyat O‘MKHT xududiy boshqarmasiga 5 nafar pedagog ariza bilan murojaat qilishgan. Ular:
- Turdiyeva Gulnoza – ona tili va adabiyot fanidan;
- O‘ljayeva Mamlakat – tarix fanidan;
- Mirzayeva Dilorom – estetika fanidan;
- Sharipova Nilufar –ingliz,nemis tillari fanlaridan;
- Murodova Tursuntosh – informatika fanidan.
Akademik litseyning shakllanayotgan pedagogik jamoasining birinchi yig‘ini Qarshi sanoat KHK ning foyyesida tashkil etilgan. Akademik litseyning pedagogik jamoasini shakllantirishda viloyat O‘MKHT hududiy birlashmasi bosh mutaxasisi, hassos inson Tursunpo‘lat Xolovning xizmatlari alohida e’tibor va hurmatga loyikdir. Birgalikda yuksak maqsadlar sari qo‘yilgan sobit qadamlar, rahbarlar qobiliyati, ustozlar va safdoshlarning samimiy maslahatlari natijasi o‘laroq o‘quv binosiga ega bo‘lmagan, endigina qurilishi boshlangan akademik litsey «Nuriston» degan nom bilan faoliyat ko‘rsata boshladi. Akademik litseyga qabul qilingan 52 nafar o‘quvchining «Bilimlar kuni», birinchi dars kuni Paxtazor mittitumanida joylashgan avariya holatidagi, eski bolalar bog‘chasining 2 qavatidagi uchta xonada boshlangan. Viloyatning uzoq tumanlaridan kelgan o‘quvchilarga alohida yotoq uchun bitta xona ajratilgan va 19 nafar o‘quvchi joylashtirilgan.
Akademik litseyda o‘quv-tarbiyaviy jarayonlar bilan bir paytda moliyaviy xo‘jalik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda quyidagi mutaxassislar mehnat qilishgan:.
Sharopov Jamol – o‘quv ishlari buyicha direktor o‘rinbosari;
Ro‘ziyev Erkin – bosh hisobchi;
Choriyev Shuhrat – xo‘jalik mudiri;
Sharopova Nargiza – xazinachi, kotiba;
Nazamova Liliya – orastabon.
Qish mavsumi sovuq kelganligi hamda bolalar bog‘chasining isitish tizimi ishdan chiqqanligi sababli o‘quvchilarga talab darajasida o‘quv mashg‘ulotlari olib borish uchun sharoit bo‘lmaganligi uchun 2000 yilning 2 fevralidan akademik litsey jamoasi Qarshi qurilish KHKning ikkinchi yotoqxonasi binosiga ko‘chirildi va faoliyatini davom ettirdi. Akademik litsey o‘quv binosi qurilishi tugallanmaganligi sababli 2001-2002 o‘quv yili dars mashg‘ulotlari Qarshi shahridagi 23-maktabda olib borildi.
Akademik litsey tashkil etilgandan buyon mamlakatimizning turli oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan va bitirgan o‘quvchilarimiz xalq xo‘jaligining barcha sohalarida, iqtisodiyotning turli jabhalarida faol mehnat qilib, o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Akademik litseyda 4 yo‘nalish bo‘yicha ixtisosliklar asosida o‘quvchilarga darslar olib boriladi. Bu yo‘nalishlar:
- Aniq fanlar (texnika, iqtisodiyot);
- Tabiiy fanlar (tibbiyot, kimyo-texnologiya);
- Ijtimoiy-gumanitar fanlar (tarix, huquqshunoslik, o‘zbek tili va adabiyoti);
- Xorijiy tillar (ingliz, olmon va fransuz tillari).